Ma’lumki, konservatoriya 1936- yili tashkil topib, dastavval ikki yil (1934) avval ochilgan Oliy musiqa maktabi negizida tashkil etildi. Dastlabki yillarda jamoa tarkibiga O‘zbekistonga Moskva konservatoriyasidan kelgan ilg‘or pedagoglar: Viktor Sukkerman, Lev Danilevich, Yuriy Fortunov sa’yi-xarakatlari bilan tashkilotchilik va tashviqot ishlari amalga oshirildi. Tashkil etilishining ilk damlaridan boshlab, ya’ni, jamoani professional ta’lim tizimi sifatida oyoqqa turishida Moskva konservatoriyasi katta yordam ko‘rsatdi. 1930-40 yillarda Toshkentga yuqori malakali mutaxassislar, mohir sozanda pedagoglar va musiqashunos olimlar jalb qilindi: B.B.Nadejdin, A.F.Kozlovskiy, N.M.Yablonovskiy, Ya.B.Pekker, G.A.Mushel, I.I.Martinov, Yu.N.Venita, G.V.Vasilev, A.Ya.Lepin, A.Ye.Knorre va boshqalar. Ularni aksariyati o‘z hayotini keyinchalik Toshkent konservatoriyasi bilan bog‘laydilar.
Ikkinchi to‘lqin rus musiqa arboblarining Vatan urushi davrida, Toshkentga evakuatsiya tufayli kelib, o‘z faoliyatlarini respublikada davom etttirdilar. Xususan, Leningrad va Kiyevdan kelgan san’atkorlar orasida professor L.V.Nikolayev, P.A.Serebryakov, N.Ye.Perelman, Yu.N.Tyulin, A.A.Yegorov, M.O.Shteynberg, L.N.Revutskiy va K.N.Mixaylov, dots.nt A.N.Kotlyarevskiy, professor A.B.Merovich, A.V.Birman va boshqa san’at namoyondalari, ularni konservatoriyaning turli kafedralari tarkibida olib borgan faoliyatlari alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi. Bu yillarda konservatoriyaning asosiy poydevori shakllanishiga tamal toshi qo‘yilib, bu jarayon respublika musiqa san’ati rivojida muhim ahamiyat kasb etdi.
Konservatoriya uzoq vaqt davomida O‘rta Osiyoda yagona Oliy muassasasi bo‘lib, butun mintaqa musiqa tashkilotlari va o‘quv dargohlari uchun yuqori malakali mutaxassis kadrlarni tayyorlab yetishtirdi. Konservatoriyani bitirgan birinchi qaldirg‘och talabalari mamlakatimizni yetakchi ijodiy jamoalari, musiqiy teatrlarida, o‘quv tashkilotlarida, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston bo‘ylab tashkil topgan ilk musiqiy o‘quv maskanlari, madaniyat markazlarida o‘zlarini faoliyatini davom ettiradi.
1939 yildan konservatoriya qoshida V.A.Uspenskiy nomidagi markaziy musiqa maktab-internati o‘z faoliyatini boshlab, bugun kunda Ixtisoslashgan musiqiy akademik litsey nomi bilan o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. 1976 yili konservatoriyaga, 1971-1975 yillar davomida rektorlik lavozimida faoliyat olib borgan, Oliy ta’lim maskani rivoji va ravnaqiga katta hissa qo‘shgan madaniyat arbobi, kompozitor va dirijor Muxtor Ashrafi nomi beriladi.